PlagiatX qanday tekshiradi: metodologiya va cheklovlar
Natijaga ishonish uchun u qanday olinganini bilish kerak. Bu sahifada tekshiruv bosqichlari, solishtiriladigan manbalar, foiz formulasi, sifat nazorati va tizimning cheklovlari ochiq yozilgan.
1. Matn tayyorlash
PDF, DOCX yoki TXT fayldan matn ajratiladi (skanerlangan rasm-PDF hozircha o'qilmaydi). Matn jumlalarga bo'linadi; har jumla alohida baholanadi, shuning uchun natija jumla darajasida ko'rinadi: plagiat qizil, AI yozgan bo'lishi ehtimoli yuqori jumla sariq.
2. Nima bilan solishtiriladi
Akademik korpus — 200 mingdan ortiq hujjat (o'zbek, rus va ingliz tillarida) va ochiq internet qidiruvi: ensiklopediyalar, ilmiy maqolalar bazalari va umumiy veb. So'zma-so'z ko'chirma, so'zlari almashtirilgan parafraz va bir tildan boshqasiga tarjima qilingan matn alohida usullar bilan qidiriladi (matn izlari, leksik moslik va ko'p tilli semantik vektorlar).
3. AI matnni aniqlash
Bir nechta signal birga ishlatiladi: til modeli uchun matnning "kutilganligi" (perpleksiya), ko'p tilli klassifikator va uslub belgilari (jumla uzunligi bir xilligi, qolipli iboralar). Natija — ehtimollik, hukm emas: inson yozgan matn ham ba'zan yuqori ball oladi, shuning uchun yakuniy xulosani muallif bilan suhbatdan keyin chiqarish kerak.
4. Foiz qanday hisoblanadi
Originallik = 100 − (P + A − P×A/100), bu yerda P — plagiat foizi, A — AI foizi. Formula saytda, PDF hisobotda va QR sertifikatda bir xil. Faqat AI yoki faqat plagiat rejimida faqat o'sha ko'rsatkich hisobga olinadi.
5. Sifat qanday nazorat qilinadi
Har bir o'zgarish saytga chiqishdan oldin 33 ta nazorat holatida sinaladi (o'zbekcha 13, ruscha 10, inglizcha 10): so'zma-so'z ko'chirma, yengil tahrir, original va inson yozgan matnlar, AI yozgan matnlar va chegaraviy holatlar. Natija yomonlashsa — o'zgarish chiqmaydi. Foydalanuvchi "Natija noto'g'rimi?" tugmasi bilan xabar bergan haqiqiy xatolar (rozilik bilan) shu to'plamga qo'shiladi.
6. Maxfiylik
Tekshirilgan matn boshqalar uchun manba bo'lmaydi va hech kimga ko'rsatilmaydi — faqat muallif o'zi "Ishimni bazaga qo'shish" orqali rozilik bersa. Natija 30 kundan keyin (maxfiy rejimda 24 soatdan keyin) o'chiriladi; sertifikatning QR tekshiruvi esa matnsiz raqamlar bilan amal qilaveradi.
7. Cheklovlar — ochiq aytamiz
Hech bir antiplagiat internetdagi va yopiq OTM arxivlaridagi barcha matnlarni ko'ra olmaydi — topilmagan manba "matn original" degani emas. AI foizi ehtimollik. Skanerlangan PDF o'qilmaydi. PlagiatX sertifikati — tekshiruv natijasining raqamli tasdig'i; u OAK yoki OTMning rasmiy hujjati emas, talab qilinadigan foizni har OTM o'zi belgilaydi.
Savollar
Natija xato chiqsa nima qilaman?
Natija sahifasidagi "Natija noto'g'rimi?" tugmasi orqali xabar bering. Har xabar ko'rib chiqiladi va rozilik bo'lsa, sifat sinovlari to'plamiga qo'shiladi.
Sertifikat haqiqiyligini qanday tekshirish mumkin?
QR kodni skanerlang yoki raqamni plagiatx.uz/verify sahifasida kiriting — tekshiruv sanasi va foizlar ko'rinadi.
Как проверяет PlagiatX: методология и ограничения
Чтобы доверять результату, нужно знать, как он получен. Здесь открыто описаны этапы проверки, источники для сравнения, формула процента, контроль качества и ограничения системы.
How PlagiatX checks texts: methodology and limitations
To trust a result you need to know how it was produced. This page openly describes the check stages, the sources used for comparison, the score formula, quality control and the system's limitations.
Antiplagiat onlayn · AI detektor (ChatGPT) · Originallik foizi · Metodologiya · Dissertatsiya tekshirish · Diplom ishini tekshirish · Maqolani jurnalga tayyorlash · Dissertatsiya talablari · Magistratura · PhD va DSc · GrantGlobus — grantlar · Motivatsion xat · Grant uchun CV · Lebenslauf (nemischa CV) · Blog · Oferta · Maxfiylik · Telegram bot